«O‘zbekneftgaz» (O‘zbekiston) va «KazMunayGaz» (Qozog‘iston) kompaniyalari neftgaz sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati xabar qildi. Hujjat 23 mart kuni O‘zbekiston Prezidentining Ostonaga davlat tashrifi doirasida imzolandi.

«KazMunayGaz» saytida ma’lum qilinishicha, kompaniyalar o‘rtasida Rossiya neftini O‘zbekistonga yetkazib berish to‘g‘risidagi kelishuvga erishilgan.

O‘zbekiston neftni qayta ishlash sanoatini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar doirasida «КазТрансОйл» neft quvurlari tizimini O‘zbekiston yo‘nalishida rekonstruksiya qilish va kengaytirish imkoniyatlari o‘rganildi.

«KazMunayGaz» «O‘zbekneftgaz"ga mavjud neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarda ko‘mak ko‘rsatib, O‘zbekistondagi yangi NQZ qurilishida texnik yordam berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.

Tomonlar uglevodorod xom ashyosini qazib olish va razvedka sohasida hamkorlik qilish, mintaqa mamlakatlarida neft mahsulotlari marketingini rivojlantirish hamda «KazMunayGaz» logistik infratuzilmalaridan foydalangan holda «O‘zbekneftgaz» neft mahsulotlarini tashqi bozorda sotishda hamkorlikni amalga oshirishga kelishib olishdi.

Ostonada, shuningdek, O‘zbekneftgaz" va Qozog‘iston Energetika vazirligi o‘rtasida neftgaz sanoati sohasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi Memorandum ham imzolandi.