29 mart kuni Parijda Markaziy Osiyoning besh mamlakati hamda Fransiya tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchilik qildi.

Muzokaralar Fransiya bilan Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.

«Ilk bor Fransiya va Markaziy Osiyo sherik mamlakatlari bunday formatda uchrashmoqda. Shunday qilib biz mazkur mintaqa bilan o‘z muloqotimizning yangi bosqichini ochish istagini bildirdik», — dedi Fransiya tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vaziri Jan-Mark Ero uchrashuv yakuni bo‘yicha.

Uchrashuv ishtirokchilari turli sohalarda o‘zaro aloqalar istiqbollari, xalqaro masalalar, jumladan, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha fikr almashdi.

O‘zbekiston TIV ma’lumotlariga ko‘ra, xuddi shu kuni Abdulaziz Kamilov Jan-Mark Ero bilan uchrashib, muzokaralar yakuni yakunida vazirlar tomonidan O‘zbekiston va Fransiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2017−2018 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, harbiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.

Abdulaziz Kamilov Fransiyaga safari jarayonida Fransuz tadbirkorlari harakati MEDEF International bosh direktori Filipp Gote va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) bosh direktori Remi Riu bilan ham uchrashdi.