O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga safari jarayonida Navoiy issiqlik elektr stansiyasini kengaytirish loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Quvvati 450 MVt bo‘lgan ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati, «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyati va hududdagi qishloq xo‘jaligi iste’molchilarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi.

Loyihani amalga oshirish natijasida 1 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun shartli yoqilg‘ining sarfi kamayishi hisobidan bir yilda o‘rtacha 330 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Yaponiyaning «Mitsubishi Corporation and MHPS» konsorsiumi va Navoiy issiqlik elektr stansiyasi o‘rtasida 2016 yil oktyabr oyida mazkur loyihani amalga oshirishga doir shartnoma imzolangan edi. Hozirgi kunda «Mitsubishi Corporation and MHPS» konsorsiumi qurilish maydonida mobilizatsiya va yer ishlarini olib bormoqda.