O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 martdagi qarori bilan 2017−2019 yillarda dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqladi.

Hujjatda qayd etilishicha, aksariyat dehqon bozorlarida xavfsizlik choralari, xususan, bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligi talablari, sanitariya qoidalari va normalari, gigiyena normativlari to‘liq inobatga olinmagan, shuningdek, bozor hududlariga yaqin masofalarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari yetishmaydi.

Hozirgi vaqtda faoliyat ko‘rsatayotgan 328 ta dehqon bozorini har tomonlama tanqidiy tahlil qilish: bozorlarning 70 foizidan ortig‘ining (231) moddiy-texnika bazasi savdoni tashkil etishning zamonaviy talablariga (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, savdo rastalari, obodonlashtirish, avtomobillar to‘xtash joylari va boshqalar) javob bermasligini, bozorlarning 90 foizidan ortig‘i (301) zamonaviy qurilish normalari talablari va savdo xizmati ko‘rsatish shartlari hisobga olingan holda mukammal ta’mirlashni talab etishini ko‘rsatdi.

Ma’lum bo‘lishicha, tumanlardagi qishloq aholi punktlarida joylashgan bozorlarning 20 foizidan ortig‘i (59) haftada faqat bir kun va zarar ko‘rib ishlamoqda. Shuningdek, respublika qishloq tumanlari aholisi amalda bozorlarda zamonaviy to‘lov tizimlaridan (plastik kartochkalardan) foydalanib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va kundalik ehtiyoj tovarlarini sotib olish imkoniyatiga ega emasligini, aholiga savdo xizmatlari ko‘rsatish darajasi ham zamonaviy talablarga javob bermaydi.

Dehqon bozorlarining asosiy qismi katta hududlarni egallaydi, ko‘pincha aholi uchun iste’mol tovarlarining eng zarur turlari sotuvda bo‘lmaydi. Ushbu barcha omillar dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularni yanada rivojlantirish strategiyasini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Bozorlar sonini va ular egallab turgan maydonlarni maqbullashtirish, bozorlar hududida mijozlarga sifatli servis xizmati ko‘rsatishni tashkil etgan holda oziq-ovqat va iste’mol tovarlari bilan savdo qilishga mo‘ljallangan zamonaviy savdo majmualari qurish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotiladigan bozorlarni rekonstruksiya qilish, sendvich-panellardan keng foydalanilgan holda yengil konstruksiyali yig‘ib-teriladigan savdo pavilonlari barpo etishni va zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi qulay shart-sharoitlar yaratish dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilishni davom ettirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.

Dasturda dehqon bozorlari hududida zamonaviy savdoning barcha talablariga javob beradigan 3 qavatli gipermarketlar (9), 2 qavatli supermarketlar (28), 1 qavatli supermarketlar (126) va minimarketlar (79), shuningdek, ularga tutash hududlarda avtomobillarga mo‘ljallangan avtoturargohlar barpo etish ko‘zda tutilgan.

Sendvich-panellardan keng foydalangan holda yengil konstruksiyali yig‘ib-teriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotishga ixtisoslashgan savdo pavilonlari quriladi.

Qo‘shimcha ravishda 59 ta samarasiz va zarar ko‘rib ishlayotgan dehqon bozorini optimallashtirish, keyinchalik ularning hududida zamonaviy savdo va oziq-ovqat ob’ektlari qurish rejalashtirilgan.

Qishloq tumanlaridagi dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan savdo majmualari qurilishi, ular hududini obodonlashtirish va avtoturargohlar tashkil qilish «O‘zmilliybank» mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Yirik shaharlardagi dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan savdo majmualari qurilishi, ular hududini obodonlashtirish va avtoturargohlar tashkil qilishga — birinchi navbatda tadbirkorlar mablag‘lari hisobiga, shu jumladan, tijorat banklarining kamida 5 yil muddatga beriladigan, O‘zbekiston Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshirilmaydigan stavka bo‘yicha kredit mablag‘lari ajratiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Dasturni amalga oshirishga jami 746 milliard so‘m, shundan 631,5 milliard so‘m «O‘zmilliybank» mablag‘lari va 81,5 milliard so‘m tadbirkorlik sub’ektlarining o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklarining imtiyozli kredit resurslari jalb etiladi.

Respublikaning qishloq tumanlarida faoliyat ko‘rsatib turgan dehqon bozorlari hududida tashkil etiladigan 3 ta 3 qavatli gipermarket, 21 ta 2 qavatli va 116 ta 1 qavatli supermarket hamda 63 ta minimarket qurilishi «O‘zmilliybank» tomonidan amalga oshirilib, keyinchalik mahalliy hokimliklar bilan birgalikda, joylardagi moliyaviy barqaror tadbirkorlarga xususiy mulk sifatida sotilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, respublika shaharlarida quriladigan 6 ta zamonaviy gipermarket, 17 ta supermarket hamda 16 ta minimarket qurilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va shaharlar hokimliklari tomonidan tavsiya etilgan moliyaviy barqaror bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Dehqon bozorlari hududida quriladigan 531 ta zamonaviy va ixcham yengil temir konstruksiyalardan foydalangan holda yig‘ib-teriladigan savdo rastalarining qurilishini moliyalashtirish, shuningdek, «O‘zmilliybank» mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

1 aprelidan boshlab respublika hududlarida 50 ta va undan ortiq savdo o‘rinlari mavjud bo‘lgan barcha dehqon bozorlarida davlat soliq xizmati organlarining xodimlari tomonidan yig‘imning to‘liqligini har kuni tekshirgan holda faqat bank tizimi orqali bir martalik yig‘imlar undirilishining avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olinishi majburiy tartibda joriy etiladi.

1 aprelidan boshlab dehqon bozorlariga tegishli hududda joylashgan avtoto‘xtash joylari mazkur bozorlar ixtiyoriga o‘tkaziladi. Avtoto‘xtash joylaridan tushadigan pul tushumlari hisobidan bozorlar va savdo komplekslarning daromadlari oshadi, bu esa bir vaqtning o‘zida bozorlar daromadlaridan davlat byudjetiga ajratmalar ortishini ta’minlaydi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida Toshkent va O‘zbekiston hududlarida 17 ta dehqon bozori rekonstruksiya qilindi. Toshkentda Oloy va Mirobod bozorlari to‘liq buzilib, ular o‘rnida zamonaviy dehqon bozorlari bunyod etildi.