GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi avtomat uzatmalar qutisi bo‘lgan avtomobillarni ishlab chiqarish hajmini oshiradi. Bu haqda kompaniya Feysbukdagi sahifasida xabar qildi.

«Iste’molchilar talabining oshib borayotganini inobatga olib, 2017 yilning aprel oyidan Avtomatik uzatish korobkasi (AKPP) bilan jihozlangan avtomobillarning ishlab chiqarilishi, umumiy ishlab chiqarish hajmining hozirgi kundagi 20% dan 40% ga oshiriladi», — deyiladi xabarda.

«Avtomat uzatmalar qutisi bo‘lgan pozitsiyalarga talabning ortishi — milliy avtobozdagi tendensiyalardan biri, — deya izoh berdi GM Uzbekistan matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. — Biz doimiy ravishda talabni tahlil qilib, buning asosida AUQ bo‘lgan avtobillar ulushini oshirishga qaror qilindi».

«Xaridorlar «avtomat-korobka"ga munosib baho bermoqda, «mexanika ishonchliroq» degan qarashlar endi yo‘q. Zamonaviy avtomat uzatmalar qutisi o‘z xususiyatlariga ko‘ra (qaysidir jihatdan) shahar mashinalari uchun hattoki mexanik «karobka"lardan ustunlik qiladi», — deya qayd etildi kompaniyadan.

Agarda bunga qadar ichki bozorda avtomat uzatmalar qutisi bo‘lgan mashinalar faqatgina «top» komplektatsiyalarga taalluqli bo‘lsa, endilikda ular arzonroq talqinlarda ham paydo bo‘ladi. Apreldan boshlab yangi modifikatsiyalar: Lacetti SX A/T (1-pozitsiya), Cobalt LT A/T va Nexia LT A/T (2-pozitsiya) qo‘shiladi.

Qayd etish joizki, GM Uzbekistan eksportga avtomat uzatmalar qutili byudjet avtomobillarni yetkazib bermoqda. Masalan, Spark (R2) modeli 100 foiz avtomat uzatmalar qutisida harakatlanadi.