Toshkentda Yunusobod tumanidagi Bog‘ishamol va Yangi shahar ko‘chalarini bog‘lovchi yangi yo‘lda avtomobillar harakatlanishni boshladi. U 2015 yilda Kabel zavodi orqali yotqizilgan (Do‘rmon yo‘li ko‘chasidan Bog‘ishamol ko‘chasigacha) yo‘lning davomi bo‘ldi.

Shanba kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi yo‘l hamda undagi Bo‘zsuv orqali o‘tuvchi 423 metrlik ko‘prik bilan tanishdi. Ko‘prik qurilishi yarim yil davom etdi.

«Ikki tuman (Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek — tahr.) aholisini yangi qulaylik bilan tabriklayman», — dedi davlat rahbari. U bu kabi loyihalar soni oshirilishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Ko‘prikning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 16 mingta mashinani tashkil etadi. Yangi yo‘l yoqasi va ko‘prikning har ikki tomonida piyodalar yo‘lagi mavjud. Ko‘prik yaqinida yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi ham barpo etildi. Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Foto