O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi.

Hujjat respublikani juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyot va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug‘lash hamda tavalludining100 yilligini munosib nishonlash maqsadida qabul qilindi.

Avvalroq Oliy Majlisi Senatining qaroriga muvofiq Jizzax viloyati Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berilgan edi.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida davlat arbobi va yozuvchi xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi barpo etiladi va haykali o‘rnatiladi.

Fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodni atoqli davlat arbobi va adib Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Jizzax shahrida uning memorial uy-muzeyi tashkil etilib, muzey hududi obodonlashtiriladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibning «Saylanma» kitobi, Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan «Xalqimizning otashqalb farzandi» nomli xotira kitobi chop etiladi. Shuningdek, Sharof Rashidovning hayoti va ijtimoiy-ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratiladi.

«Sharof Rashidovning O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni» mavzusida ilmiy konferensiya o‘tkazish, oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san’atkorlar ishtirokida xotira tadbirlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Noyabr oyining birinchi o‘n kunligida Jizzax va Toshkent shaharlarida Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi o‘tkazish tadbirlari o‘tkaziladi.