O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni Qoraqalpog‘iston va Xorazmda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun «qo‘shimcha qulay sharoitlar» yaratish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat huddudda «iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish"ga yo‘naltirilgan.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ro‘yxatga olingan va ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar o‘zlari ishlab chiqarayotgan sanoat tovarlarini eksport qilish qismida valyuta tushumini majburiy sotishdan ozod etildi (Prezidentning 1997 yil 10 oktyabrdagi farmoni ilovasiga kiritilgan xom ashyo tovarlari bundan mustasno).

Farmatsevtika tovarlari va preparatlari, elektrotexnika mahsulotlari (kabel-o‘tkazgich mahsulotlaridan tashqari), shuningdek, pardozlash qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar 2017 yil 1 apreldan 2022 yil 1 yanvargacha mulk solig‘i, yer solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi. Hisob yili natijalari bo‘yicha sotuvning umumiy hajmida ushbu mahsulotlarni sotishdan tushadigan sof tushumning ulushi 60 foizdan kam bo‘lmagan miqdorni tashkil etuvchi yuridik shaxslar ana shunday yuridik shaxslar jumlasiga kiradi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ro‘yxatdan o‘tgan va ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirayotgan eksportyor yuridik shaxslar uchun respublika doirasida ichki yuk tashishga amaldagi tarif stavkalari bo‘yicha yuklarni O‘zbekiston Davlat chegaralarigacha yetkazib berishga temir yo‘l tariflarini qo‘llash topshirildi.