Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi Amu — Buxoro mashina kanali ustida barpo etilgan yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi, deb xabar qildi O‘zA.

Ko‘prik xalqaro ahamiyatga ega «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov» A-380 yo‘lida joylashgan. Loyiha doirasida 11,8 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.

Avval xabar qilganimizdek, ko‘prikni loyihalashtirish 2016 yil iyulida boshlangan edi. O‘shanda 1961 yilda qurilgan eski ko‘prikning bir qismi qulab tushgan edi.

To‘rt polosali yo‘ldagi yangi ko‘prikning eni 27, uzunligi 72 metrni tashkil etadi. Inshootning ikki tomonida piyodalar uchun yo‘laklar barpo etilgan.

«Buxoroavtoyo‘l» hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti direktori o‘rinbosari Sherzod Egamovning ta’kidlashicha, yaqin vaqtlarda yangi ko‘prikning ikki tomonidagi avtotrassaning 5 kilometrlik qismi qayta quriladi.