Toshkentning Shimoliy vokzal hududida Kichik halqa yo‘li orqali o‘tuvchi avtomobil yo‘l o‘tkazgichining qayta tiklanayotgan qismi egilgan shaklga ega bo‘ladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni poytaxt bo‘ylab safari jarayonida ob’ekt qurilishi loyihasi bilan tanishdi.

Yo‘l o‘tkazgichning demontaj qilingan qismining Farg‘ona yo‘li ko‘chasi tomonidan ko‘rinishi. Foto: Sherzod Ikramutdinov / «Gazeta.uz».

«O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturida xabar qilinishicha, shaharning sharqiy qismini markaz bilan bevosita bog‘lab turgan yo‘l o‘tkazgichning 2008 yilda demontaj qilingan qismining tiklanishi — Toshkent yo‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish sohasidagi ustuvor loyiha sanaladi.

Yo‘l o‘tkazgichni qayta tiklash loyihasi.

Reportajda qayd etilishicha, yo‘l o‘tkazgich qismlaridan birining olib tashlanishi boshqa yo‘llar, masalan, Taraqqiyot va Sariko‘l ko‘chalarida mashinalar oqimining ko‘payishiga olib kelgan.

«Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiga ko‘p sonli iltimos va murojaatlari bo‘yicha mamlakat rahbari ob’ekt rekonstruksiyasi to‘g‘risida qaror qabul qildi», — deb xabar qilindi ko‘rsatuvda.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent hokimi Rahmonbek Usmonov bilan.

Ko‘prikning temir yo‘l ustidan o‘tgan 346 metrlik mavjud qismi rekonstruksiya qilinib, buzilgan uchastka o‘rniga qurilgan turar joy mavzesini aylanib o‘tuvchi 281 metrlik yangi qo‘shimcha konstruksiya bilan ulanadi. Inshoot kengligi 22 m ni tashkil etadi. Rekonstruksiyadan so‘ng ob’ektning umumiy uzunligi 621 m bo‘ladi.

Davlat rahbari loyihani tez fursatlarda amalga oshirilishining ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi. «Axir kilometrlarni aylanib o‘tayotgan haydovchilar vaqtini va kayfiyatini yo‘qotar edi», deyiladi reportajda.

Toshkentda yangi yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi rejalari.

Dasturda xabar qilinishicha, 2030 yilga qadar Toshkentda 93 km dan ziyod yangi yo‘llar qurilib, 140,5 km lik mavjud yo‘llar rekonstruksiya qilinadi, yangi transport bog‘lamalari soni esa 30 taga yetadi.

Video