24 mart kuni poytaxtdagi Yoshlar ijod saroyida «Mening Vatanim — mening faxrim» shiori ostida Xalqaro IYS-2017 yoshlar sammiti ish boshladi. Tadbirda O‘zbekistonning barcha hududlaridan 400 nafardan ziyod yoshlar hamda 30 nafar xorijiy vakil ishtirok etmoqda.

O‘tgan yilgi s’ezd muvafaqqiyatli yakunlanganidan so‘ng 1000 nafardan ziyod abituriyentlar, o‘quvchilar va talabalardan iborat iqtidorli yoshlar IYS-2017 sammitida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirgan edi. Onlayn so‘rovnomadan so‘ng 400 nafar yosh tanlab olindi. Uch kun davomida ular yoshlar salomatligini saqlash, muhandislik va axborot texnologiyalar, yoshlarning jamiyat, iqtisodiyot va biznesdagi roli, xorijiy tillar va media yo‘nalishlarida sub-konferensiyalar ishtirokchisiga aylanadi.

Masalan, muhandislik va axborot texnologiyalariga bag‘ishlangan anjumanda IT-bilimlarni oshirish va byudjet mablag‘lari talab qilinmaydigan «tengdosh-tengdoshga» shaklidagi kurslarni ochish masalalari muhokama qilinadi. Shundan so‘ng yoshlar yangi ijtimoiy loyihalarni ishlab chiqishga kirishadi. Ularning eng yaxshilari esa hayotga tatbiq etiladi.

IYS sammitidan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakat rivojiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan ko‘ngillilarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Birinchi yoshlar sammiti natijasida YLDP Summer School (Yosh yetakchilarning yozgi maktabi), Plov4Love (Palov festivali), Back2Reality (Oilaviy sport estafetasi) kabilar Young Leaders Development Project (YLDP) — Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi ko‘magida yil davomida amalga oshirildi.

Mazkur tadbir va YLDP loyihasi O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi (UzTEA), Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari tashabbusi bo‘lib, tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

IYS loyihasi Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Foto