«O‘zbekiston pochtasi» tuzilmasida Toshkent chorrahalaridagi videokameralar tomonidan qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishi holatlari uchun ma’muriy bayonnomalar va jarimalarni yuborish bilan shug‘ullanuvchi maxsus uchastka tashkil etildi. Milliy pochta operatorining xabar qilishicha, ishlar O‘zbekiston IIV Yo‘l harakat xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilmoqda.

Uchastka vazifalari qatoriga YHXBB avtomatlashtirilgan tizimi orqali jarimaga tortish to‘g‘risidagi bayonnomalarni qabul qilib olish, ularni qayta ishlash, chop etish va yuborish kiradi. Bayonnomalar topshirilgani to‘g‘risidagi ma’lumot ichki ishlar organlariga ma’lum qilish uchun ma’lumotlar bazasiga kiritiladi.

«O‘zbekiston pochtasi"ning «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, ayni paytda uchastkada 15 kishi faoliyat ko‘rsatib, ish 9:00 da boshlanib, 21:00 da tamom bo‘ladi. Xodimlar mavjud ish hajmini ish vaqtida tugallashga muvaffaq bo‘lishmoqda.

Avtomatlashtirilgan qayd etish tizimi ishga tushgan dastlabki kunlarda kunduzgi qayta ishlanadigan ogohlantirishlar miqdori 5000 ta atrofidagi tashkil etgan bo‘lsa, 17 martdan so‘ng bu ko‘rsatkich sezilarli darajada kamaygan.