17−23 mart kunlari Toshkentdagi chorrahalarga o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishlarini qayd etishning avtomatlashgan tizimlari tomonidan 29 mingdan ziyod qoidabuzarlik qayd etildi. Bu haqda payshanba kuni poytaxt IIBBda bo‘lib o‘tgan brifingda xabar qilindi.

Svetoforning taqiqlovchi xabarida harakatlanish bilan bog‘liq 16 mingdan ziyod, tezlikni oshirish bilan bog‘liq 13 mingdan ziyod qoidabuzarliklar aniqlangan. Shaharning 115 ta chorrahasida kechayu kunduz 883 ta kuzatish kamerasi ishlamoqda.

Foto va video qayd etish tizimining ishga tushirilishi yo‘llardagi qoidabuzarliklar sonining keskin kamayishga olib keldi, deya ta’kidladi IIBB YHXB vakili. Toshkent aholisi ham haydovchilarning ehtiyotkor va tartibliroq bo‘lgani to‘g‘risida so‘zlamoqda.

Statistikaga ko‘ra, tizim ishga tushirilishidan bir kun avval 24 soat davomida 8000 dan ziyod qoidabuzarlik qayd etilgan bo‘lsa, 22 martda ular soni 2000 tani, ya’ni to‘rt barobar kamroqni tashkil etdi.

Bundan tashqari, yo‘l-transport hodisalari soni ham ikki barobarga kamaygan. Hisobot haftasi davomida 14 ta YTH sodir bo‘lib, ulardan birida inson o‘limi qayd etilgan. 10−16 mart kunlari esa bu ko‘rsatkich mos ravishda 27 ta 3 nafarni tashkil etgan edi.