14−22 mart kunlari O‘zbekiston Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari ishtirokida Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkentda ochiq muloqot tarzida sayyor qabullar o‘tkazildi.

Xizmatdan xabar qilinishicha, ushbu tadbirlardan ko‘zlangan maqsad fuqarolar tomonidan o‘rtaga qo‘yilayotgan muammolarni joyida ko‘rib chiqish va ularni qonunda belgilangan tartibda hal etishdan iborat bo‘ldi. Ochiq muloqotlar 14−15 mart kunlari Qashqadaryo viloyatining Mirishkor, Dehqonobod, Chiroqchi tumanlari hamda Qarshi shahrida; 18 martda Toshkent shahrida; 19 va 22 mart kunlari Toshkent viloyatining Bo‘ka va Bo‘stonliq tumanlarida o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda Prezidentning Virtual qabulxonasi hamda Xalq qabulxonalariga shikoyat va arizalar bilan murojaat etgan 3 ming nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etib, ular Prezidentning davlat maslahatchisi, Prezident devoni xizmati rahbari Tursinxan Xudaybergenov, shuningdek, viloyat, tuman va shahar hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlariga o‘zlarini qiynab kelayotgan turli muammo va masalalar yuzasidan bevosita murojaat etish imkoniga ega bo‘ldi.

Sayyor qabullar davomida aholidan uy-joy, yer masalalari, namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan uy-joylardan olish, sud-huquq masalalari, kredit, bandlik, kommunal xizmatlar, tadbirkorlik, moddiy yordam, bepul ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha eng ko‘p marojaatlar tushdi. Tadbirlarda murojaatlarning aksariyat qismi shu joyning o‘zida o‘z yechimini topdi, qolganlari bo‘yicha tuman, shahar va viloyat mutasaddi idora va tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Uchrashuvlarda barcha darajadagi rahbarlar xalq tashvishi bilan yashashi lozimligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish ular faoliyatining asosiy mezoni bo‘lishi kerakligi, ular fuqarolar bilan yaqindan muloqot qilib, ularning yuragiga, ko‘ngliga kirib borib, ko‘tarilayotgan masalani chuqur o‘rganib, qonun doirasida qisqa muddatda hal qilishi kerakligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Qayd etish joizki, Prezident devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati Feysbukda o‘zining «Xalq bilan muloqot / Dialog s narodom» guruhi ochgan.