O‘zbekiston vakillari muay-tay WMF bo‘yicha jahon chempionatida 17 ta medalni qo‘lga kiritgan holda umumiy hisobda birinchi o‘rinni egalladi. Musobaqa 11−18 mart kunlari Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tdi.

Jahon birinchiligi 12−15, 15−19 va 19−37 yosh toifalari bo‘yicha havaskor sportchilar hamda 19−37 yoshdagi professionallar (PRO-AM) o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar 8 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shoxruz Jo‘rayev, Aslam Ortiqov, Sirojiddin Islomov, Mironshox Ubaydullayev, Sheroz Xolmirzayev, Sharofiddin Sadullayev, Sunnatillo Rashidov va Sherzod Ergashev shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Bobir Hakimov, Tohirjon Olimjonov, Doston Malikov, Temur Bultakov va Madinabonu Qodirova vitse-chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Umarjon Ahmadjonov, Biloliddin Norxo‘jayev, Furqat Yusupov va Mirshod Jumayev bronza medalini qo‘lga kiritdi.