O‘zbekiston 2017 yilda Qozog‘istonga 560 ming tonna yoki 410 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

O‘tgan yili Qozog‘istonga 307 mln dollarlik 482,6 ming tonna meva, sabzavot, poliz, uzum, dukkakli va quritilgan mahsulotlarni eksport qilgan edi. Bu 2015 yilga nisbatan 89,6 ming tonna yoki 23 foiz ko‘proq demakdir.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida qo‘shni mamlakatga 22 ming tonnadan ziyodroq (15,9 mln dollardan oshiq) hajmda yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi. Bundan tashqari, 3,35 mln dollarlik sharbatlar, jemlar, yaxna ichimliklar va konservalangan mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonda bo‘lib o‘tayotgan davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasida «O‘zbekoziqovqatxolding» korxonalarida ishlab chiqarilgan 300 dan ziyod nomdagi yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari, qandolat, go‘sht-sut mahsulotlari, ichimliklar taqdim etilmoqda.

«O‘zagroeksport» ixtisoslashgan tashqi savdo kompaniyasi Qozog‘istonda uchta savdo uyini tashkil etdi — «Uzagroeksport-Kazaxstan», «A-Frukts» (Chimkent) va «Markaziy Osiyo SU» (Ostona). Ular bilan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 40 mln dollardan ziyod qiymatdagi 10 ta shartnoma imzolandi.