Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ostonaga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston-Qozog‘iston muzokaralari yakunida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 13 hujjat imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

«Kazinform» agentligining xabar qilishicha, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va Askar Mamin Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv, 2017−2019 yillarda iqtisodiy hamkorlik strategiyasi, shuningdek, Ikki tomonlama soliq solishning oldini olish to‘g‘risidagi kelishuvga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi protokolni imzoladi.

O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev va Qozog‘iston investitsiyalar va rivojlanish vaziri Jenis Kasimbek Xalqaro avtomobil aloqasi to‘g‘risidagi kelishuvga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi protokolni imzoladi.

Tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari Abdulaziz Kamilov va Kayrat Abdraxmanov ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida Hamkorlik dasturini imzoladi.

Mudofaa vazirlari Qobul Berdiyev va Saken Jasuzakov ikki davlat o‘rtasida Harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga imzo chekdi.