«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi korxonalarining harakatlanadigan tarkib parki 2020 yilga qadar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning 835 ta avtobusi bilan to‘ldiriladi. Jumladan, MAN Avto-Uzbekistan qo‘shma korxonasining siqilgan gazda harakatlanuvchi 320 ta katta sig‘imli MAN avtobusi hamda Samarqand avtozavodi ishlab chiqargan 515 dona Isuzu avtobusi sotib olinadi. Bu O‘zbekiston hukumatining 11 martda qabul qilingan «Toshkent shahrida yo‘lovchi tashish transportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan. Hujjat faqatgina avtomobil transporti — avtobuslar va yo‘nalishli taksilarga taalluqli.

Qaror asosida tasdiqlangan dasturga muvofiq, 2017 yilda poytaxt yo‘nalishlarida 50 ta MAN va 140 ta Isuzu, 2018 yilda mos ravishda — 70 va 175, 2019 yilda — 190 va 200 dona avtobuslar harakatlanadi. Kelgusi yilda 30 ta shaharlararo yo‘nalishlarda qatnovchi MAN xarid qilinadi.

Qarorda shahar yo‘lovchi transportining mavjud yo‘nalishlar tarmog‘ini takomillashtirish va yangi yo‘nalishlarni ochish ham belgilangan. Jumladan, 77 ta avtobus yo‘nalishida trassada harakatlanish qisqartiriladi, 4 tasida u o‘zgartiriladi va 4 tasida — uzaytirilib, 5 ta yangi yo‘nalish ochiladi va 2 tasi yopiladi. 8 ta shahar atrofidagi yo‘nalish bo‘yicha trassada harakatlanish qisqartiriladi.

Sakkizta yo‘nalishda Mercedes-Benz mashinalari Isuzu bilan almashtiriladi. 5-avtobus parkining sakkizta yo‘nalishi 1- va 2-parklarga berilishib, 5-park hududida ta’mirlash bazasi tashkil etiladi.

33 ta yo‘nalishli taksi liniyalarida mikroavtobuslarni takomillashgan va zamonaviy rusumdagilari bilan almashtirish rejalashtirilmoqda. «Mashrutka"larning yettita liniyasi yopilib, to‘qqiztasi qisqartiriladi, sakkiztasida esa harakat chizmasi o‘zgartiriladi.

1 iyulga qadar metropolitenning «Paxtakor», «Beruniy» va «Olmazor» bekatlari, yil oxirigacha «Do‘stlik» va «Chorsu», 2019 yilda yangi «Turkiston» stansiyasi yaqinidagi avtobus va yo‘nalishli taksilarning oxirgi to‘xtash punktlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab shahar atrofi yo‘nalishlarining oxirgi to‘xtash punktlarini olib tashlash belgilangan.

Transport harakatini GPS-monitoring qilish tizimini rivojlantirish davom ettiriladi. Ikki oylik muddat ichida Toshkent yo‘lovchi transportida yo‘l kirani to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish yuzasidan hukumat qarori loyihasi tayyorlanishi lozim.

Bundan tashqari, yil oxiriga qadar 2030 yilgacha Toshkent yo‘lovchi transportini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi lozim.