O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 22 mart kuni davlat tashrifi bilan Ostona shahriga keldi, deb xabar qildi O‘zA.

Tashrifning asosiy voqealari 23 martga belgilangan. Oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinishi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashilishi mo‘ljallangan.

Prezident tashrifi doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining nufuzli delegatsiyalari ishtirokida biznes-forum o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbarining tashrifi yakunlari bo‘yicha davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bir qator muhim hujjatlar, O‘zbekiston — Qozog‘iston hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan salmoqli shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.