Xavfsizlik muammosi barqaror iqtisodiy taraqqiyot va odamlarni tashvishga solayotgan muammolarning hal etilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Ostonaga davlat tashrifini amalga oshirish arafasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Kazinform» agentligiga bergan intervyusida ushbu mulohazalarni o‘rtaga tashladi.

«Terrorizm va radikalizm kabi holatlarga qarshi kurash o‘z ichiga nafaqat xavfsizlik choralarni jadallashtirish, balki barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, tadbirkorlikni erkinlashtirish va insonlar ehtiyojlarini qondirish masalalarini ham o‘z ichiga olishi darkor. Bu xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash sari birinchi qadam», — deya ta’kidladi davlat rahbari.
«Mamlakatimizning mintaqaviy siyosati va qo‘shnilar bilan munosabatlarini jadallashtirish haqida gapirganimizda, O‘zbekiston bilan umumiy chegaralarga ega Afg‘oniston ham nazarda tutiladi. Barchamiz tushunamizki, Afg‘onistonda Markaziy Osiyo uchun muayyan chaqiriqlar mavjud. Shu sababli, tabiiyki, O‘zbekiston va Qozog‘iston afg‘on muammosini zudlik bilan hal etishdan manfaatdor», — deya qayd etdi Prezident.
«Afg‘onistonning tinch o‘zanga tushib olishi mintaqamiz mamlakatlari ishtirok etishi mumkin va lozim bo‘lgan iqtisodiy taraqqiyotiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Albatta, bu yerda Afg‘onistondagi hamkorlikdagi infratuzilma loyihalari katta rol o‘ynashi mumkin. Jumladan, mintaqa davlatlarining Janubiy Osiyo, Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharq mamlakatlari portlariga chiqish uchun ijobiy ahamiyatga ega transafg‘on transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha ham. O‘ylaymanki, Afg‘onistonda energetika sektori va transport kommunikatsiyalari kabi sohalarni mutaxassislarimiz tajribasini hisobga olgan holda rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi loyihalarni amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlik mazkur mamlakatda osoyishtalik jarayonini mustahkamlashda katta rol o‘ynashi mumkin», — dedi Shavkat Mirziyoyev.