O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni mamlakat xalqini televideniye orqali Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. Bu yili Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan asosiy tantanalar poytaxtdagi Abdullar Qodiriy nomidagi istirohat bog‘ida o‘tkazildi.

“Ona diyorimizga barchamiz orziqib kutgan, go‘zal va dilbar fasl — Navro‘zi olam kirib kelmoqda. Ana shu ulug‘ ayyom — sharqona yangi yil bilan kattayu kichik barcha yurtdoshlarimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Mana shu qutlug‘ kunda siz azizlarga, sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman”, — dedi davlat rahbari.

“Bu yilgi Navro‘z bayrami barcha shahar va qishloqlarimizda umumxalq sayillari tarzida o‘tayotgani unga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishlamoqda”, — dedi Prezident. Shavkat Mirziyoyev Navro‘z ruhi va falsafasi Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining g‘oya va maqsadlari bilan uyg‘un va hamohang ravishda namoyon bo‘layotganini ta’kidlab o‘tdi.

“El-yurtimizdagi aziz insonlar bir-birlarini qutlab, dala va qirlar, bog‘ va maydonlarda Navro‘z bayramini shodu xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayil-tomoshalar qilmoqdalar. Shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda. O‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda”, — deya qayd etdi mamlakat rahbari.

“Bugun fidoyi dehqon va fermerlarimiz katta orzu-umid bilan yangi mavsumni boshlamoqdalar. Barchamiz ularni chin dildan tabriklab, yilimiz qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, deb eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz”, — dedi u.

“Navro‘zi olam Vatanimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun, butun xalqimiz uchun eng suyukli bayramdir. Bugun biz yurtimizda mana shunday qutlug‘ bayramni nishonlash barobarida, butun dunyoda tinchlik va xotirjamlik bo‘lishini, uzoq va yaqin barcha davlatlarning xalqlariga taraqqiyot, farovonlik hamda ravnaq tilaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Prezident.