O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, mamlakatda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligi «hali zamonaviy talablarga javob bermaydi». Tez tibbiy yordam xizmatlarining malakali kadrlar, dori vositalari, tibbiyot uskunasi, ixtisoslashtirilgan avtotransport va aloqa vositalari bilan ta’minlanganligi darajasi yetarli emasligicha qolmoqda. Kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni boshqarish, muvofiqlashtirish va nazorat qilishning zamonaviy mexanizmlarini, shuningdek, shoshilinch tibbiyot sohasida mahalliy ilmiy-amaliy ishlanmalarni joriy etishga yetarlicha e’tibor berilmayapti.

Hujjatda shoshilinch tibbiy yordamning tezkorligini, texnologikligi va samaradorligini tubdan kuchaytirishga, aholiga o‘z vaqtida malakali shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha davolash, ilmiy-metodik va ta’lim ishlarining butun kompleksini eng yuqori darajada tashkil etishga yo‘naltirilgan aholiga shoshilinch tibbiy yordam berish tizimini tubdan takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va malakali kadrlar bilan butlangan shoshilinch tibbiy yordam berishning zamonaviy, yuqori texnologik va samarali tizimini shakllantiriladi.

Tez tibbiy yordamning ko‘chma brigadalari faoliyatini tezkorlik bilan muvofiqlashtirishni, shuningdek, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasining shoshilinch xizmatlari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlaydigan ma’lumotlar uzatishning yagona bazasini va tarmog‘ini tashkil etgan holda shoshilinch tibbiy yordamni boshqarishning axborot tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi va uning hududiy filiallarining ma’lumotlarni uzatishning yagona tarmog‘iga birlashtirilgan hamda respublikaning barcha hududi bo‘yicha tez tibbiy yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlashni ta’minlaydigan muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlarini tashkil etish belgilandi.

Shoshilinch tibbiy yordam xizmati moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 2017−2020 yillarda 240 ta ob’ektni mukammal ta’mirlash va 369 ta ob’ektni joriy ta’mirlash yo‘li bilan tez tibbiy yordam xizmati binolari va xonalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi.

Tez tibbiy yordam ko‘chma brigadalari tasdiqlangan normativlarga muvofiq dori vositalari, tibbiyot buyumlari va sarflash materiallari bilan bosqichma-bosqich ta’minlanib, ushbu maqsadlar uchun 2017 yilda moliyalashtirish hajmini kamida 2 baravar ko‘paytiriladi.

Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining tez tibbiy yordam ko‘chma brigadalari Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining hududiy filiallari orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan markazlashtirilgan tartibda ta’minlanadi.

2017 yilda 1200 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalari sotib olish yo‘li bilan tez tibbiy yordam xizmati, shu jumladan, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining avtoparkini yangilash rejalashtirilgan. 1 apreldan boshlab tez tibbiy yordam xizmatining ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalariga texnik va servis xizmati ko‘rsatish ularni tegishli hududiy ixtisoslashtirilgan avtobazaga berish yo‘li bilan hududiy darajada markazlashtiriladi.

Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Xonobod shaharchasidagi 5-uy) negizida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filiali tashkil etiladi.

Hukumatga bir hafta muddatda tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish topshirildi.

Markazning va uning hududiy filiallarining muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari 2019 yil 1 yanvardan boshlab faoliyat ko‘rsatishi lozim. Xuddi shuvaqtdan ularning IIV, FVV va «O‘ztransgaz» shoshilinch xizmatlari bilan o‘zaro hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi.

2017 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining tez tibbiy yordam stansiyasini uning tumanlardagi kichik stansiyalari bilan birgalikda yuridik shaxs maqomini saqlab qolgan holda tarkibiy bo‘linma sifatida markazga beriladi.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari ehtiyojlari uchun olib kelinadigan texnologik va telekommunikatsiya uskunasi, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va dasturiy ta’minlash 2020 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi (bojxona yig‘imlari bundan mustasno).

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 600 ming nafardan ortiq bemor shoshilinch tibbiy yordam tizimi muassasalarida statsionarda davolanadi, 1 million nafardan ortiq bemorga ambulatoriyada tibbiy yordam oladi, tez tibbiy yordam xizmati tomonidan bir yilda 7 milliondan ortiq chaqiriqni bajarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.