Toshkent va Olmaota o‘rtasida tezyurar temir yo‘l aloqasi 22-martdan boshlanadi. “Kazaxstan temir joli” kompaniyasining Olmaotadan amalga oshiradigan ilk reysi O‘zbekiston poytaxtiga taxminan 12:50 da yetib keladi, deb xabar qildi KTJ vakolatxonasi “Gazeta.uz"ga. “Toshkent” vokzali ma’lumotxonasi ham mazkur axborotni tasdiqladi. Yo‘l davomiyligi 16 soatni tashkil etadi.

Xuddi shu kunning o‘zida poyezd ortga qaytib ketadi. Olmaotagacha reys chiptalari temir yo‘l kassalarida sotilmoqda. “Toshkent” vokzali ma’lumotxonasining xabar qilishicha, o‘rindiqli joy narxi 100 ming, kupe — 150 ming so‘mga yaqinroqni tashkil etadi. Tezyurar poyezd Toshkentdan Olmaotaga har seshanba va yakshanba kunlari yo‘lga chiqadi.

Har ikki davlat chegara va bojxona xizmatlari nazorat jarayonlarini tezlashtirish to‘g‘risidagi kelishuvga erishishdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston xizmatlari xodimlari poyezdga “Toshkent” vokzalida yo‘lovchilar bilan birgalikda chiqib, Kelesgacha 28 daqiqalik yo‘l davomida barcha zarur harakatlarni amalga oshiradi. Shunda chegarada to‘xtab turish avvalgidek ikki yarim soat emas, balki 35−40 daqiqa davom etadi. Qozog‘iston bojxona va chegara xizmatlari xodimlari esa poyezdga Sariag‘ashgacha bo‘lgan yo‘lda chiqib, ikki yarim soat ichida yo‘lovchilarning hujjatlarini tekshirib olishadi, to‘xtab turish esa bor-yo‘g‘i 15 daqiqani tashkil etadi.