Xalq banki butun O‘zbekiston bo‘yicha naqd pul shaklidagi pensiya va nafaqalarni tarqatish bo‘yicha yagona vakolatli bank bo‘ldi. Markaziy bank matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu Prezidentning 13 martdagi «Pensiya va nafaqalarni to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topgan.

Iyulga qadar Moliya vazirligi qoshidagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriluvchi naqd pul shaklidagi pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsion va boshqa to‘lovlar bosqichma-bosqich «O‘zbekiston pochtasi» kompaniyasidan olinib, Xalq banki bo‘linmalariga topshiriladi.

Hududiy ijro organlariga Xalq bankini pensionerlar mablag‘larni olishlari uchun qulay mahalla fuqarolar yig‘inlari va boshqa ma’muriy binolarda pensiya va nafaqalarni naqd pul shaklida berish bo‘yicha maxsus kassalar faoliyatini tashkil etish uchun alohida binolar bilan ta’minlash vazifasi topshirildi.

Mustaqil ravishda o‘z pensiya va nafaqalarini olishga kela olmaydigan shaxslarga pensiyalar Xalq banki tomonidan ularning yashash joylariga bevosita borgan holda tarqatiladi.

Xalq banki kassir va kontrollerlar sonini oshirib, ularning zarur jihozlar bilan ta’minlaydi.

Naqd pullarni maxsus kassalarga yetkazib berish uchun Damas rusumli inkassator mashinalari xarid qilinadi. Markaziy bank bilan hamkorlikda Xalq bankida xususiy inkassatsiya xizmati tashkil etiladi.

Pensiya jamg‘armasi Xalq banki bilan birgalikda aholiga pensiya va nafaqalarni to‘lash hisobini yuritish hamda ushbu jarayon ustidan nazorat o‘rnatishni avtomatlashtirish maqsadida qabul qilib oluvchiga SMS-xabarnoma jo‘natish joriy etilgan onlayn rejim ishga tushiriladi.