16 mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) O‘zbekistonga tashrif buyurgan delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan YeTTB Prezidenti Suma Chakrabarti bilan uchrashdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va bank o‘rtasidagi to‘laqonli, konstruktiv ruhdagi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni qayta tiklash nuqtai nazaridan munosabatlarni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida 2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qoidalarini hamda mamlakatda keng ko‘lamli islohotlar va chuqur o‘zgarishlar amalga oshirishga yo‘naltirilgan boshqa qarorlarni hayotga tatbiq etishda YeTTB ishtirokidan tomonlar manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.