General Electric (GE) kompaniyasi 2017−2019 yillarda O‘zbekistonda sanoat va ijtimoiy-xo‘jalik uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 388 mln dollarlik 13 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Mazkur rejalar Amerika kompaniyasining Iqtisodiyot vazirligi bilan imzolangan o‘zaro tushunish to‘g‘risidagi memorandumda o‘z ifodasini topgan, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Hujjat GE vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollettning mart oyi boshida O‘zbekistonga uyushtirgan safari jarayonida imzolangan. Uning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvida yuqori texnologiyalar sohasi — elektr energetikasi, neft-gaz, elektrotexnika sanoati, tibbiy jihozlarni ishlab chiqish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan edi.

Iqtisodiyot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, GE «O‘zkimyomash» AJning Chirchiqdagi quvvatlarida neft-gaz uskunalarini (kompressor agregatlari, detander-generatorlar, yuqori bosimli nasoslar) ishlab chiqarish, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi bazasida injiniring markazi hamda Buxoro ta’mir-mexanika zavodida neft-gaz, energetika va kimyo sanoati uskunalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha servis markazini tashkil etishni maqsad qilgan.

Amerika kompaniyasining mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlarni erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) hududlariga joylashtirishni rejalashtirmoqda. Jumladan, «Navoiy» EIZda — fotoelektr panellari, sanoat va xo‘jalik invertorlar, «Angren» EIZda — o‘lchov uskunalari va texnologik jarayonlarni nazorat qilish tizimlarini ishlab chiqarish, «Hozarasp» EIZda — sanoat vetrogeneratorlarini yig‘ishni tashkil etadi.

Toshkentda GE kompaniyasi Artel Engineering bilan birgalikda innovatsion tibbiy texnikalar (ultra tovush va rentgen uskunalari, sun’iy o‘pka ventilyatsiya jihozlari va elektrokardiograflar) ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Toshkent mexanika zavodi quvvatlarida elektr asinxron dvigatellar va yorug‘lik diodli yoritish uskunalarini ishlab chiqarish mo‘ljallangan.