14 mart kuni poytaxt hokimiyatida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani Toshkent maktab, litsey va kollejlaridagi davomat hamda ota-onalarning bolalar tarbiyasi va ta’limidagi javobgarligi masalalariga bag‘ishlandi. Poytaxt ma’muriyati va boshqa tuzilmalar vakillari shahar hokimiyati, prokuratura, Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta’limi bosh boshqarmasi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, «Mahalla» jamg‘armasi va «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati shahar bo‘limining mazkur masalaga bag‘ishlangan qo‘shma qarori to‘g‘risida ma’lumot berishdi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kollejlarda o‘rtacha davomat 92, litsey va maktablarda — 94−95 foizni tashkil etmoqda. Qabul qilingan qo‘shma qaror to‘liq davomatni ta’minlash hamda yoshlarni qoidabuzarliklar va jinoyatchilikdan ogohlantirishga qaratilgan. Shahar va tuman hokimliklari huzurida ishchi komissiyalari tashkil etilib, ularga muntazam ravishda dars qoldiruvchi o‘quvchilar va ularning ota-onalariga nisbatan qat’iy choralarni ko‘rish, davomat statistikasini yuritish vazifasi topshirildi. Profilaktika inspektorlariga ish kunini aynan ta’lim muassasalariga tashrif buyurishdan boshlash buyurildi.

Bolalari tarbiyasiga bee’tibor va ularga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ota-onalarga qonun doirasida alohida choralar qo‘llanilishi va’da qilindi.

Hokim o‘rinbosari va shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Abdurahimovaning xabar qilishicha, maktab va kollejlarda tartib-intizomga rioya etilishini ta’minlash maqsadida harbiy rahbar lavozimi ta’sis etildi. Mazkur lavozimga muqaddam ichki ishlar organlari, prokuratura, Mudofaa vazirligi va boshqa tuzilmalarda faoliyat ko‘rsatgan tajribali mutaxassislar tayinlanadi. Ular bolalarni vatanparvar, mard va or-nomusli qilib tarbiyalashda ishtirok etadi.

Tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar ichki ishlar tizimidagi maxsus muassasalarga yuboriladi, biroq ishchi komissiyaning asosiy vazifasi bunga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat, dedi hokim o‘rinbosari.

Toshkent IIBB profilaktika bo‘limi katta inspektori podpolkovnik Azimjon Sultonov kompyuter klublari va internet kafelarida o‘tkazilgan kunduzgi va kechki reydlar bo‘yicha statistikani keltirib o‘tdi. Ikki oy davomida 12 bor reyd o‘tkazilib, ularda 339 nafar dars qoldirgan o‘quvchi (112 nafari — maktablar, 227 nafari — litsey va kollejlar o‘quvchilari) borligi aniqlandi. Voyaga yetmaganlarni 21:00 dan so‘ng muassasaga kattalar hamrohligisiz kirishiga yo‘l qo‘yib bergan beshta klub rahbarlari 6,27 mln so‘mlik jarimaga tortildi.