Toshkent shahar adliya boshqarmasining Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi 2016 yilda sog‘liqni saqlash idoralari faoliyatida aniqlangan kamchiliklar haqida ma’lumot berdi.

Poytaxt Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va uning tizimlarida «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi va «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida"gi qonunlar talablariga rioya etilishi hamda «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi ijrosi ahvolini o‘rganish natijasida soha idoralari faoliyatida 4469 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va aybdor mas’ul xodimlarga chora ko‘rish haqida Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga kiritilgan taqdimnomaga asosan 6 ta noqonuniy buyruqlar bekor qilingan, 16 ta mas’ul xodimga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Shulardan 2 ta mas’ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari, 23 ta mas’ul xodimlarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 43- («Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish») va 176−1- («Shartnoma intizomini buzish») moddalari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sud qaroriga asosan 23 ta mas’ul xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi.