11 mart kuni Navoiyda Amir Temur xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan H2H Fight qo‘l jangi bo‘yicha professional ligasi doirasida xalqaro musobaqaning uchinchi seriyasi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston, Rossiya va Moldova vakillari o‘rtasida beshta bellashuv o‘tkazildi. Yakuniy hisob — 3:2 o‘zbekistonliklar foydasiga.

68 kg gacha vazn toifasida uch karra mamlakat chempioni Jamshid Begmatov Rossiya va Yevropa chempioni Renat Bulikinga qarshi tatamiga chiqib, 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Ikki karra O‘zbekiston chempioni Jahongir Jumayev 75 kg gacha vazn toifasida Rossiya va jahon chempioni Maksim Yefremenkoni so‘nggi raundda nokdaunga uchratib, hakamlarning yakdil ovoziga ko‘ra g‘olib bo‘ldi.

85 kg gacha yarim og‘ir vazn toifasida uch karra mamlakat chempioni Begzod Nurmatov Moldova chempioni Denis Tomuz bilan bellashib, uch raund yakuniga ko‘ra g‘alaba qozondi.

90 kg dan yuqori vazn toifasida ikki marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Ilyos Raimov moldovalik Aleksandr Lyaxni nokautga uchratdi.

80 kg gacha o‘rta vaznda besh karra O‘zbekiston, ikki karra jahon chempioni Odil Sirojiddinov besh karra Rossiya, ikki karra Yevropa va jahon chempioni rossiyalik Nurmuxamed Beslaneyevga qarshi tatamiga chiqdi. Biroq Rossiya vakili to‘rtinchi raundda nokaut bilan g‘alaba qozondi.