O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 9 martdagi qarori bilan Abduxashim Abdullayev «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimiga tasdiqlandi, deb xabar qildi Hukumat portali.

Tayinlovga qadar Abduxashim Abdullayev (1950 yilda tug‘ilgan) 2008 yildan buyon «Farg‘onaazot» kompaniyasi rahbari o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. Ungacha esa — 2006−2008 yillarda Farg‘ona viloyati hokimi, 2005−2006 yillarda — Marg‘ilon hokimi, 1992−2005 yillarda — Farg‘ona «Azot» ishlab chiqarish birlashmasida bosh direktor o‘rinbosari, keyinchalik bosh direktor lavozimlarida ishlagan.

Hukumatning 9 martdagi boshqa qarori bilan Fazliddin Bakiyev «O‘zeltexsanoat» kompaniyasi boshqaruvi raisi bo‘ldi.

Fazliddin Bakiyev (1969 yilda tug‘ilgan) 2007 yildan buyon Vazirlar Mahkamasida, 2013 yildan makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti mudiri lavozimida faoliyat olib borgan. 1995−2005 yillarda Markaziy bankda turli lavozimlarda ishlab, 2005−2007 yillarda MB raisi o‘rinbosari bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zkimyosanoat» va «O‘zeltexsanoat» rahbarlari Normat Ibragimov hamda Erkin Iminov 14 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha vazifasidan ozod qilingan edi.