O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 mart kuni Prezident Devoni faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini ko‘zda tutgan farmonni imzoladi.

Prezident Devoni Prezidentning axborot-tahlil va tashkiliy-nazorat organi hisoblanadi. Mazkur organ davlat rahbari tomonidan shakllantiriladi hamda bevosita unga bo‘ysinib, Prezidentga hisobot beradi.

Quyidagilar Prezident Devonining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • Prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlash;
  • aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Prezidentga murojaat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish;
  • Prezident tomonidan kadrlarga oid davlat siyosatini, shuningdek davlat mukofotlari va geraldika sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini ta’minlash;
  • davlatning ichki va tashqi siyosati asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, O‘zbekiston suverenitetini muhofaza qilish, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • oliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining bahamjihat ishlashini ta’minlashda ko‘maklashish;
  • mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishini ta’minlashda ko‘maklashish;
  • nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi, ularga o‘z ustavlarida belgilangan maqsad va vazifalarini amalga oshirishlariga teng imkoniyatlar va sharoitlar yaratilishi kafolatlarini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan ularning demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini qurishdagi rolini oshirish borasida samarali hamkorlik qilish;
  • davlatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish holati hamda tendensiyasini tahlil qilish, uning natijalari bo‘yicha samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosatini o‘tkazish, ilm-fanni, madaniyatni, ta’limni, sog‘liqni saqlashni, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tuzilmalarning, shuningdek uning vakolatlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi maslahat va kengash organlarining faoliyatini tashkil etish;
  • Prezident faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy hamda protokol jihatidan ta’minlash;
  • Prezident hujjatlari va topshiriqlarining ijrosini tashkil etish va ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish.

Prezident Devoni tuzilmasida quyidagilar shakllantirildi:

  • Prezident devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati (bunda Prezident devonining Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati hamda Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati tugatildi);
  • yuridik xizmat (Prezident Devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmatining tuzilmasida);
  • Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish xizmati (Prezident devoni tegishli xizmatlarining jamoat, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati masalalari bo‘yicha, yoshlarga doir siyosat bo‘yicha, o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan ishlash bo‘yicha, millatlararo munosabatlar va din ishlari masalalari bo‘yicha sho‘’balari negizida).

Prezident devonining OAV, madaniyat, san’at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari xizmati OAV, ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat, san’at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari xizmati etib qayta tashkil etildi.

Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini isloh qilish bo‘yicha kengash va Prezident huzuridagi Islohotlar va investitsiyalar bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash tugatildi.

Prezident Devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmatiga O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiyada ko‘rsatilgan vakolatlarini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini nazarda tutuvchi Siyosiy boshpana berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish vazifasini topshirdi. Bundan tashqari, Prezident devonining xizmatlari bilan birgalikda Xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqishi O‘zbekiston Prezidenti devonining xizmatlari bilan maxsus kelishuvni talab qiladigan mansabdor shaxslarning toifasini keskin kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi lozim.

Prezident Devoni tuzilmasi

  • Tashkiliy-kadrlar xizmati;
  • Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati;
  • Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati;
  • Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish xizmati;
  • Ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat, san’at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari xizmati;
  • Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish xizmati;
  • Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari xizmati;
  • Ishlar boshqarmasi;
  • Ijro etuvchi apparat.
  • Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati ham kiradi.