Turkiya — Niderlandiya: diplomatik mojaro avj olmoqda

Turkiya hukumati a’zolariga Rotterdamda turk konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlar to‘g‘risidagi referendum tashviqotini o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaganidan so‘ng Niderlandiyaga xalqaro diplomatiyadan saboq berib qo‘yishini ma’lum qildi. Prezident Erdo‘g‘on bunday qarorni Niderlandiyadagi parlament saylovlari bilan bog‘ladi: «Agarda siz chorshanba kuni bo‘ladigan saylov uchun turk-golland munosabatlarini qurbon qilishga qaror qilgan bo‘lsangiz, buning uchun javob berasiz». Niderlandiya bosh vaziri Turkiya rahbarining tahdidiga javob qaytarar ekan, nima uchun turk vazirlariga vatandoshlari qarshisida chiqish qilishga ruxsat berilmaganiga oydinlik kiritdi va agarda Turkiya mojarolar yo‘lidan borsa, Niderlandiya ham xuddi shunday javob qaytarishini ma’lum qildi. «Turkiya bilan munosabatlarimiz yomon ahvolda, — dedi Mark Ryutte. — Biz vazirdan kelmaslikni so‘ragan edik, chunki Rotterdamda keskinlik ortishini kutgandik va shu sababli biz uchun bunday tashrif ma’qul emas. Shunga qaramasdan ular kelishdi». // Euronews

Buyuk Britaniya 2019 yil martida YeIni tark etadi

Britaniyaning Brexit masalalari bo‘yicha vaziri Devid Devis BBC telekanali efirida Buyuk Britaniya 2019 yilning martida YeI tarkibidan chiqishini ma’lum qildi. «YeIdan chiqish haqidagi qaror o‘tgan yilning iyunidagi referendumda britan xalqi tomonidan qabul qilingan edi. Va bu amalga oshishi lozim», — deya qayd etgan Devis britan parlamenti veto qo‘yish huquqiga ega emasligi va hukumat eng maqbul sharoitlarda Brexit’ni amalga oshirishni mo‘ljallayotganini ta’kidlab o‘tdi. Buyuk Britaniyaning YeI a’zoligi masalasi bo‘yicha referendum o‘tgan yilning 23 iyun kuni bo‘lib o‘tgan, unda yevrointegratsiyaga qarshilar 51,9 foizlik ovoz bilan g‘alaba qozongan edi. // TASS

Mosulni ozod qilish shahardan tinch aholini chiqarish bilan kechmoqda

Mosul shahrining yangidan-yangi kvartallari jangarilar qo‘lidan ozod qilinar ekan, shaharning yanada ko‘proq aholisi u yerni tark etmoqda. Iroq armiyasi shaharning Tigr daryosining o‘ng sohilida g‘arbiy Mosulning uchdan bir qism hududini ISHID jangarilaridan ozod qildi. Operatsiya fevral o‘rtasidan buyon davom etmoqda. // Euronews

Addis-Abeba yaqinida o‘nlab kishilar maishiy chiqindilar ko‘chkisi ostida halok bo‘ldi

Efiopiyada eng kamida 46 kishi ulkan maishiy chiqindi uyumi bosib qolishi oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Mamlakat poytaxti Addis-Abebaga tutash shaharda odamlar ulkan Koshe chiqindixonasi biqinida istiqomat qilgan. Ko‘pchilik bu yerda ishlatish yoki bozorda sotish mumkin bo‘lgan chiqindilarni izlashga keladi. Shahar ma’muriyatining ma’lum qilishicha, aynan ular ko‘chkining asosiy qurbonlari bo‘lgan. Halok bo‘lganlar soniga aniqlik kiritilmoqda, o‘nlab kishilar jarohat olgan. Addis-Abeba merining tasdiqlashicha, ko‘chki ostidan 37 kishi qutqarib qolinib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan. // Euronews