Toshkent shahar IIB maktab, kollej va litseylarda o‘tkazgan tekshiruvlar jarayonida virtual suiqasd o‘yinlari ishtirokchisi bo‘lgan 36 nafar yoshni aniqladi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda boshqarma vakili ma’lum qildi.

Poytaxt ichki ishlar organlari profilaktika tadbirlari doirasida maktab, kollej va litseylar o‘quvchilari davomati tekshirilmoqda. Bunday tadbirlar vaqtida yoshlarning mobil telefonlari ham tekshirilmoqda. Tekshiruvlar natijasida «Ko‘k kit» o‘yinida ishtirok etayotgan 31 nafar maktab va 5 kollej o‘quvchisi aniqlandi.

IIB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning ma’lum qilishicha, har bir o‘smir bilan ota-onalari ishtirokida suhbatlar o‘tkazilib, ular malakali psixologlarga biriktirilgan holda nazorat ostiga olindi. Bolalar va o‘smirlarning bu kabi o‘yinlarda ishtirok etishdan ogohlantirish maqsadida o‘quv maskanlarida uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

322 ta maktabdan 26 tasida va 119 ta litsey va kollejning 18 tasida o‘tkazilgan «Davomat» tadbirlari jarayonida turli sabablarga ko‘ra 217 nafar maktab, 306 nafar kollej va 27 nafar litsey o‘quvchisi darslarda qatnashmayotgani aniqlandi. 69 ta ta’lim muassasasida davomat muammosi muhokama qilinib, 27 ota-onaga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi.

Huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ishtirokida 25 ta internet kafeda reyd o‘tkazilganida, ularda dars vaqtida 23 o‘quvchi, 22:00 dan keyin esa 4 nafar voyaga yetmagan shaxs borligi ma’lum bo‘ldi. Internet kafe rahbarlari va ota-onalar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Toshkent shahar prokuratuasi bo‘lim boshlig‘i Erkin Yuldashevning ta’kidlashicha, o‘limga olib boruvchi «Ko‘k kit» o‘yini bolalar va jamiyat hayotiga tahdid solayotgan yagona xavf emas. Nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari, balki barcha kurash olib borishi lozim bo‘lgan boshqa xavfli o‘yin va hodisalar ham mavjud.

Erkin Yuldashev ma’lumotlariga ko‘ra, tekshiruvlar o‘tkazilayotgan aksariyat o‘quv maskanlarida turli ko‘rinishdagi qoidabuzarliklar aniqlanmoqda. Uning xabar qilishicha, aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha prokuratura tomonidan 11 ta taqdimnoma va 18 ta ogohnoma, jumladan, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i nomiga taqdimnoma kiritildi. 20 nafar shaxsga nisbatan intizomiy, 7 nafariga ma’muriy va 13 nafariga moddiy chora qo‘llanildi.