20 fevraldan Toshkent huquqni muhofazi qilish organlari «Tozalash-Antiterror» tezkor qidiruv tadbirlarini o‘tkazib kelmoqda. O‘tgan payshanba kunidagi ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya jarayonida 150 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olindi, deb xabar berdi poytaxt IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i mayor Rashid Umirov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 18 kun ichida shahardagi 207 mahallada fuqarolar xavfsizligi va huquqiy tartibga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Doimiy propiskasiz yoki vaqtinchalik ro‘yxatda turmasdan yashayotgan fuqarolarni aniqlash uchun ko‘p qavatli uylarning 293,56 ming kvartira, 87 ming xususiy uy hamda 34 ming korxona va tashkilot, shuningdek mehmonxona va yotoqxona ko‘zdan kechirildi. Natijada pasport-viza tartibini buzgan 10,15 ming kishi aniqlandi. Belgilangan tartiblarni buzgan holda turar joy binosini ijaraga olgan 8000 kishi hamda 419 nafar turar joy egasi ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Doimiy yashash va ish joyiga ega bo‘lmagan 313 nafar bemaqsad daydib yuruvchi shaxslar reabilitatsiya markazlariga yo‘naltirildi. Ota-ona nazoratisiz qolgan 398 nafar voyaga yetmagan ijtimoiy-huquqiy yordam markazlariga yuborildi.