O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 mart kuni Buxoroga tashrifi jarayonida turizm, infratuzilmalar, sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish sohalaridagi qator loyihalar bilan tanishdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, davlat rahbari viloyatga tashrifini Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. 1993 yilda buyuk alloma tavalludining 675 yilligi munosabati bilan ta’mirlangan majmua bugungi kunda eng gavjum maskanlardan biri hisoblanadi. Prezident mazkur yodgorlik majmuasini yanada obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. U viloyatda Toshkent islom universitetining maxsus fakultetini tashkil qilish kerakligini qayd etdi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev 2015—2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiyalari va yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturi doirasida yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan Buxoro temir yo‘l vokzalida yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni borib ko‘rdi. Maydoni 2,9 gektar bo‘lgan vokzal bir vaqtning o‘zida 500 dan ziyod yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Bir kecha-kunduzda 2 mingdan ortiq yo‘lovchini kutib olib, jo‘natish imkoniyatiga ega.

Davlat rahbari shu yerda Buxoro — Miskin temir yo‘l qurilishining borishi bilan tanishdi. Ushbu temir yo‘l 350 kilometrdan ziyod. Loyihaning umumiy qiymati 283 million dollarni tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha quriladigan temir yo‘lda 8 temir yo‘l stansiyasi va raz’ezdlar barpo etish belgilangan.

Prezident yaqindagina keltirilgan Ispaniyaning Patentes Talgo kompaniyasi ishlab chiqargan yangi Afrosiyob elektropoyezdining imkoniyatlari, yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Yangi elektropoyezd oldingilariga qaraganda yanada keng imkoniyatlarga ega. Xususan, yo‘lovchi sig‘imi 215 tadan 287 taga ko‘paytirilgan. 2015 yil noyabrda ispan ishlab chiqaruvchisi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, tez kunlarda elektropoyezdning ikkinchisi ham olib kelinadi.

Davlat rahbari «Buxoro brilliant silk» O‘zbekiston — Xitoy qo‘shma korxonasida bo‘lib, bir qancha loyihalar bilan tanishdi. 2010 yilda tashkil etilgan korxonada apak matolarning o‘nlab turlari ishlab chiqarilib, ichki va tashqi bozorda sotilmoqda. «Bunday korxonalarni ko‘paytirishimiz kerak», — dedi Prezident. U korxonalar uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, hududdagi kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik qilish lozimligini qayd etdi.

Prezidentga «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2017−2018 yillarda Buxoro viloyatida paxta tolasini qayta ishlash dasturi loyihasi haqida ma’lumot berildi. Bugun Buxoroda yetishtirilayotgan paxta tolasining 20,6 foizi viloyat hududida sanoat usulida qayta ishlanmoqda. Yangi loyiha bo‘yicha viloyatning 7 shahar va tumanida 13 yirik sanoat korxonasini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu viloyatda yetishtirilgan paxta tolasining 65 foizini qayta ishlash imkoniyatini yaratadi.

Yerdan unumli foydalanish, tutzorlar barpo etish bo‘yicha yangi loyiha taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari mazkur sohani yanada rivojlantirish, tutzorlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilayotgan «O‘zbekipaksanoat» uyushmasining tarkibiy tuzilmasi bilan ham tanishdi.

Buxoro shahrida ishga tushirilayotgan «Buxoro kotton tekstil» korxonasi loyihasi bilan tanishar ekan, Shavkat Mirziyoyev mamlakatda yetishtirilgan paxtani tola ko‘rinishida sotish eng kam daromad keltirishini, paxta tolasini qayta ishlab, eksportbop tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Korxonada 6,5 ming tonna ip-kalava, 10 ming kvadrat metr jinsi mato va 1,5 million dona tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahridagi Ark qo‘rg‘oni majmuasida viloyatning turizm salohiyatini yanada oshirish dasturi taqdimotida ishtirok etdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Buxoro viloyatining turizm salohiyatini yanada oshirish dasturi asosida 39 loyiha hayotga tatbiq etiladi.

BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) hamda turizm bo‘yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, sayyohlik industriyasi ob’ektlarini jadal rivojlantirish, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlariga 18,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi.

Buxoroda kichik halqa yo‘li bunyod etish, yo‘laklarga marmar va ishlov berilgan toshlar yotqizish, bino va yo‘llarning yoritish tizimini zamonaviylashtirish, mehmonxona va inshootlar qurish, ular atrofiga hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos daraxt va gullar ekish, mahalliy va chet ellik investorlar uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.

Prezident Buxoro tarixi davlat muzeyi loyihasini ko‘zdan kechirdi. 1,2 gektar maydonni o‘z ichiga oladigan ushbu muzey qurilishiga byudjet mablag‘lari hisobidan 68,3 milliard so‘m sarflanishi mo‘ljallanmoqda. Muzey ishga tushirilganidan so‘ng, Ark qo‘rg‘onida saqlanayotgan noyob eksponatlar u yerga ko‘chiriladi.

Shavkat Mirziyoyev madaniy meros ob’ektlarining bugungi kundagi holati va ularni saqlashga doir loyihalar taqdimotlari bilan ham tanishdi. Buxoro viloyatida 660 madaniy meros ob’ekti mavjud. Ularning aksariyati arxeologik ob’ektlar, monumental san’at asarlari, arxitektura yodgorliklaridir.

Davlat rahbari Jondor tumanidagi «Jondor chinor chorva» MCHJ tomonidan tashkil etiladigan parrandachilik majmuasi loyihasi bilan tanishdi. Buxoro viloyatida parrandachilikni rivojlantirish maqsadida intensiv texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Natijada tuxum va parranda go‘shti ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Bugungi kunda viloyatda parrandalar 3,8 million boshga, tuxum ishlab chiqarish 347,7 million donaga yetdi.

«O‘zmilliybank» huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va Property Industry MCHJ ta’sischiligida Buxoro tumanida 38 gektarda agrologistika markazi barpo etilmoqda. 21,8 million dollarlik mazkur loyiha doirasida bu yerda Xitoy, Germaniya, Daniya texnologiyalari asosida meva-sabzavotlarni quritish, muzlatish, murabbo, jem va tuzlamalar ishlab chiqarish quvvatlari, muzlatkich va sublimatsiya tashkil etiladi. Bu yiliga 10 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash, dastlabki yillarda 6,5 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkonini beradi.

Yangi chorvachilik kompleksi 1000 bosh qoramol va 1 ming 500 bosh qo‘y boqishga mo‘ljallangan. Umumiy qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan mazkur loyiha natijasida 2 ming 650 tonna sut, 200 tonna go‘sht, 2,5 tonna jun ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 800 gektar maydonda ozuqa yetishtiriladi.

Shavkat Mirziyoyev Amu-Buxoro irrigatsiya tarmoqlari loyihasi taqdimoti bilan ham tanishdi. Umumiy qiymati 406 million dollardan ortiq bo‘lgan mazkur loyiha doirasida Amu-Buxoro-I yangi nasos stansiyasi quriladi, Amu-Buxoro-II, Quyi mozor, Qiziltepa va Qiziltepa-I nasos stansiyalari rekonstruksiya qilinadi. Buning samarasida Buxoro viloyatida 275 ming, Navoiy viloyatida 40 ming gektar yer suv bilan barqaror ta’minlanadi. Yiliga 134,2 million kilovatt elektr energiyasi, 25,6 milliard so‘mdan ziyod byudjet mablag‘i tejaladi.

Shundan so‘ng joriy yilda Buxoro viloyatida tashkil qilinadigan intensiv bog‘lar rejasi ham namoyish etildi.

Buxoro shahrida mutasaddi rahbarlar va viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, infratuzilmani rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholini ish bilan ta’minlash va turmush darajasini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.