Yil oxiriga qadar Termizda (Surxondaryo viloyati) Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi filiali ochiladi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati «Gazeta.uz"ga.

40 o‘ringa mo‘ljallangan markaz zamonaviy davolash-diagnostika uskunalari bilan ta’minlanadi. Unda 10 dona «Sun’iy buyrak» jihozi bo‘lgan gemodializ bo‘limi ham faoliyat ko‘rsatadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi direktori Farhod Oqilovning qayd etishicha, o‘tgan yili davolangan 27 mingdan ziyodroq bemorning 2711 nafari yoki 10 foizdan ziyodrog‘i Surxondaryo aholisi bo‘lgan. Ularning aksariyati markazga kasallik zo‘raygan davrda murojaat qilgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur hududdagi iqlim sharoitlari va ekologik holat urologik kasalliklarning keng tarqalishiga xizmat qiladi. Bu yerda buyrak-tosh kasalliklari O‘zbekiston bo‘yicha ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘proqdir.