7-mart kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika Yo‘l jamg‘armasi boshqaruv kengashi tomonidan “2017-yilda Toshkent shahri tumanlarining yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishning manzilli dasturi” tasdiqlandi. Bu haqda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Mazkur dasturga muvofiq, poytaxt ko‘chalarini joriy va kapital ta’mirlash ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich uchun 20,6 mlrd so‘m, ikkinchi bosqich uchun esa 50 mlrd so‘m ajratilgan.

Jumladan, Yunusobod tumanidagi “Yuqori Qoraqamish”, “Moyqo‘rg‘on” va “Baraka” ko‘chalari (jami uzunligi 7,1 km) joriy, Sergeli tumanidagi “Obihayot”, “Nilufar”, “Rayhon”, “Daryo bo‘yi”, “Kanora” ko‘chalari (9,5 km) kapital ta’mirlanadi.

O‘zbekiston Prezidenti 14-fevralda “2017−2018-yillarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorini imzoladi, unga ko‘ra poytaxtdagi 332 km yo‘l va ko‘chalar ta’mirlanadi.