Sog‘liqni saqlash vaziri qarori bilan birinchi tibbiy-sanitar yordam muassasalari (markaziy ko‘p profilli poliklinikalar, oilaviy shifoxonalar va qishloq vrachlik punktlari) xodimlari to‘ldiradigan jurnallar sonini qariyb 100 tadan 20 taga qadar qisqartirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Qayd etilishicha, qaror tibbiyot muassasalari xodimlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida qabul qilindi. O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ko‘p miqdordagi hujjatlarni to‘ldirish ko‘p vaqt talab qilib, tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tibbiyot xodimining asosiy vazifasi — hujjatlarni to‘ldirish emas, balki insonlar bilan muloqot qilish, kasalliklar profilaktikasi va ularni bartaraf etish, davolashdan iborat, deya qayd etiladi vazirlik xabarida. Qaror kuchga kirishi bilan vazirlik tomonidan qabul qilingan bir qator hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotdi.