O‘zbekistonda 1 oktyabrdan joriy etiluvchi yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini bir soat ichida olish mumkin. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Toshkent IIBB YHXB Ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘linmasi boshlig‘i podpolkovnik Zarif Yusufjonov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Guvohnomani almashtirish uchun boj miqdori ma’lum qilinganicha yo‘q, uning eng kam oylik ish haqining 55 foizi miqdorida bo‘lishi kutilmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, haydovchilik staji 12 oydan kam bo‘lmagan haydovchilar yangi haydovchilik guvohnomasini imtihonsiz olishlari mumkin. Staj shaxsiy avtotransport vositasini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, avtomobilni boshqarish huquqiga ishonchnoma yoki mehnat kitobchasidan ko‘chirma (haydovchi bo‘lib ishlaydigan shaxslar uchun) yoxud ish joyidan ma’lumotnoma bo‘yicha belgilanadi.