Yaponiya O‘zbekistonga sakkizta ijtimoiy loyihani amalga oshirishi uchun 551,1 ming AQSH dollari miqdorida grant mablag‘ini ajratdi. 7 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan grant-shartnomalarni imzolashga bag‘ishlangan marosimda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Doniyorov va Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Nabuaki Ito ishtirok etdi.

Yapon elchixonasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Toshkent viloyat onkologik dispanseri, Toshkentdagi 3-sonli bolalar klinik shifoxonasi va Namangan viloyat onkologik markazi kichik masshtabli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz ko‘mak loyihasi bo‘yicha grant oladi. Mazkur muassasalar tibbiy jihozlar bilan ta’minlanadi.

Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi 40-sonli va Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanidagi 8-sonli maktablar, Qorao‘zak tumanidagi 2-maktabgacha ta’lim muassasasi, Jizzax va Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagidagi ko‘r va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatlar o‘quv jihozlariga ega bo‘ladi.