O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Gurbanguli Berdimuhamedov dushanba kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikk mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasida 2018−2020 yillarda iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid memorandum, 2017−2019 yillarga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar hamkorlik dasturi, 2017−2018 yillarda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi, O‘zbekistondan Turkmanistonga qishloq xo‘jaligi texnikalari va kimyo mahsulotlari yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi.

Bundan tashqari, Xorazm viloyati bilan Dashovuz viloyati, Buxoro viloyati bilan Lebap viloyati hokimliklari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.

O‘g‘uzxon saroyida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning yakkama-yakka muzokarasi bo‘ldi. Unda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar. Unda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, eksport-import nomenklaturasini kengaytirish, tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.