O‘zbekistonlik tasmada akrobatik mashqlarni bajaruvchi Sky Angels dueti havo gimnastlari 3 mart kuni Las-Vegasda (AQSH) Cirque du Soleil — One Night for One Drop («Bir qatra uchun bir kecha») xayriya shousi ishtirokchisi bo‘ldi, deb xabar qildi duet ishtirokchisi Kristina Vorobyova.

«Biz — iqlim o‘zgarishi ta’sirin his qilayotgan birinchi va buning uchun nimadir qilishi mumkin bo‘lgan so‘nggi avlodmiz» — beshinchi bor o‘tkazilayotgan an’anaviy One Night for One Drop shousi shunday shior ostida tashkillashtirildi.

Yaqindagina Monte-Karlodagi festivalda sirk sanoatining «Oltin masharaboz» oliy mukofotini qo‘lga kiritgan «Osmon farishtalari» kechaning asosiy bezaklaridan biri bo‘ldi. Kechada akrobatlar, gimnastlar, kaskadyorlar hamda maxsus taklif etilgan mehmonlar — aktyorlar, musiqachilar va ijrochilar ishtirok etdi. Loyihada jami bo‘lib 300 ga yaqin kishi, jumladan, 63 nafar artist ko‘ngilli ravishda bepul qatnashdi.

Chiptalarni sotishdan tushgan mablag‘lar ONE DROP («Bir qatra») xalqaro tashkilotining xayriya dasturlariga sarflanadi. Shou 2013 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda, bu davr mobaynida 24 mln dollar yig‘ildi.

Video

Foto

Foto: facebook.com/kristianna.vorobeva