O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 7 mart kuni Amudaryo orqali o‘tuvchi yangi Turkmanobod-Farob temir yo‘l va avtomobil ko‘priklarini ochdi. Ikki davlat rahbarlari ramziy tasmalarni kesib, har ikki transport magistrallarini kesib o‘tgan ilk yo‘lovchilar bo‘lishdi, deb xabar qildi Turkmaniston Davlat axborot agentligi.

Amudaryo orqali o‘tgan ko‘priklar Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Janubiy Osiyo davlatlari yuklarini Kaspiy dengizi, so‘ngra Qora dengiz va O‘rta Yer dengizi mintaqasi orqali Yevropa, Kavkazorti, Yaqin va O‘rta Sharqqa bevosita olib chiquvchi yo‘lni ochadi.

Temir yo‘l ko‘prigining uzunligi 1750 m bo‘lib, uning qurilishida o‘ta og‘ir vaznli yuk poyezdini hisobga olgan holda zilzilaga bardoshligi va ekspluatatsiya mustahkamligi oshirilgan konstruksiyalar qo‘llanilgan.

Foto: tdh.gov.tm.

To‘rt qatorli avtomobil ko‘prigining kengligi 21,5 m ni tashkil etadi. Ko‘prikning har ikki tomonidan 1,5 m enlikdagi piyodalar yo‘lagi yotqizilgan.

Ko‘priklar ochilganidan so‘ng biri orqali O‘zbekiston tomonidan temir yo‘l tarkibi, ikkinchisi orqali esa Turkmaniston tomonidan O‘zbekistonga turkman karbamidi, to‘qimachilik va boshqa mahsulotlar ortilgan yuk mashinalari karvoni o‘tdi, deyiladi xabarda.