O‘zbekiston Tojikistonga qariyb 60 tonna miqdoridagi insonparvarlik yuklarini jo‘natdi. Ushbu yuklar mamlakatning ko‘p miqdorda yoqqan qor keltirib chiqargan tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan tog‘li tumanlari aholisiga mo‘ljallangan, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Nafaqat katta miqdordagi iqtisodiy zarar keltirgan, balki insonlar o‘limiga ham olib kelgan tabiiy ofatdan aziyat chekkan qo‘shni mamlakatga yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan hukumat tomonidan qabul qilindi.

Insonparvarlik yordami oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari, qurilish materiallari, ko‘mir, issiq kiyimlar va boshqa tez yordam tovarlarini o‘z ichiga olgan.