O‘zbekistonlik Olesya Gureyeva 2−5 mart kunlari Amerikaning Kolumbus shahrida bo‘lib o‘tgan Arnold Sports Festival musobaqasida mas-restling bo‘yicha mutlaq vazn toifasida jahon chempioni bo‘ldi, deb xabar qildi Mas-restling xalqaro federatsiyasi (IMWF) sayti.

Mas-restlerlar bellashuvi taniqli kulturist, aktyor va siyosatchi Arnold Shvarsenegger ishtirok etdi.

Mas-restling — Yoqutistonda paydo bo‘lgan yakkarurash turi. Unda ikki sportchi maxsus taxtaning ikki tomoniga o‘tirib olgancha ushlab olgan tayoqni raqibning qo‘lidan tortib olishi talab qilinadi.

Birinchi bahsda Olesya Gureyeva kanadalik Robin Kulen bilan uchrashib, g‘alaba qozondi. Ikkinchi bahsda yoqutistonlik bir necha karra jahon chempioni Tuyara Orlovani ikki raund yakuni bo‘yicha mag‘lub etdi. So‘nggi bellashuv esa amerikalik Lindsi Xoll bilan kechib, g‘alabaning oliy shohsupasiga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zbekistonlik sportchi o‘z karerasida 2014 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida bronza, 2016 yili Qirg‘izistonda o‘tgan JCHda esa kumush medalni, shuningdek, qator nufuzli xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.

Video