Beeline brendiga egalik qiluvchi VimpelCom xolding kompaniyasi o‘z nomini VEON qilib o‘zgartirishni mo‘ljallamoqda. Mazkur qaror aksionerlarning 30 martda bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari yig‘ilishida tasdiqlanishi kutilmoqda.

Rebrending «telekommunikatsion kompaniyadan global texnologik yetakchiga aylanish maqsad qilib olinganini aks ettiradi», deyiladi xolding xabarida. Nomning o‘zgarishi O‘zbekistonda Beeline brendi ostida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatayotgan Unitel faoliyatiga taalluqli emas.

«Guruhlarning biznes-modellari to‘liq o‘zgartiriladi, asosiy urg‘u VEON internet-platformalarini rivojlantirishga qaratiladi», — dedi Beeline tijoriy direktori Maksim Yefremov payshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Unitel texnik direktori Yevgeniy Klyuchevning ta’kidlashicha, 2017 yilda operator O‘zbekistonning yirik shaharlari, jumladan barcha viloyatlar markazlarida 4G-internetni kengaytiradi. Uning aytishicha, aloqa sifati poytaxtdagidan kam bo‘lmaydi.