«Taraqqiyot strategiyasi» axborot-tahlil markazi 1 martdan rasman ish boshladi. O‘zbekiston Prezidenti farmoyishi asosida tashkil etilgan markaz taqdimoti Toshkentdagi «Media Hall NAESMI» media maydonchasida bo‘lib o‘tdi.

Markaz va Elektron OAV milliy assotsiatsiyasi (EOAVMA) 2017−2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayoni, qabul qilingan qonunlar va qonunosti aktlari, shuningdek respublikada sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy hodisalarning jamoat muhokamalarini tashkil etish va ularni yoritish bo‘yicha bitimni imzoladi.

«Zarafshon» konsert zali negizida tashkil etilgan «Media Hall NAESMI» maydonchasida davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq muloqotlar — brifinglar, matbuot anjumanlari, tok-shou va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi. EOAVMA hamkorlar bilan birgalikda telefestivallar, ijodiy uchrashuvlar, anjumanlar, tanlovlar, ijtimoiy teleaksiyalar, bolalar tok-dasturlari va boshqa turli formatlardagi media-kontentlarni ishlab chiqishni rejalashtirgan.

Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan tadbirlar tahlilini olib borish, hujjat doirasida amalga oshiriluvchi tadbirlar bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar baholarini o‘rganish hamda ularning keng ekspert va jamoat muhokamalarini tashkil etish markaz vazifalaridan hisoblanadi.

Markaz Harakatlar strategiyasini samarali amalga oshirish, jumladan qonun loyihalari va boshqa aktlar loyihalarini tayyorlash, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni tayyorlaydi.

Yaqin vaqtlar ichida Harakatlar strategiyasi loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilish jarayoniga aholini keng jalb qilish uchun vebsayt va ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochish rejalashtirilmoqda.

Nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega markaz Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, SSP, Advokatlar palatasi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, EOAVMA, NNT milliy assotsiatsiyalari muassisligida tashkil etildi.