2017 yilgi Navro‘z bayrami Toshkent, Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlari, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida nishonlanadi. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28 fevraldagi «2017 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topdi.

Qarorga muvofiq, Navro‘z kunlarida mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari amalga oshiriladi.

Mahallalarda, shahar va qishloqlarda hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlari tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkentda bo‘lib o‘tadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar, sirk artistlari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlari keng jalb etiladi.

Sayil dasturlarini tayyorlashda xalq o‘yinlari, folklor san’atining eng yaxshi namunalari, kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin beriladi.