O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017−2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda Mehnat vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Investitsion loyihalarning manzilli ro‘yxatiga sanoatda umumiy qiymati 30 mlrd so‘m bo‘lgan 28 ta, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 17,2 mlrd so‘mlik 28 ta, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘ycha 16 ta loyiha kiritilgan. Umumiy qiymati 52,3 mlrd so‘m, jumladan 990 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan 72 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1343 ta yangi ish o‘rini yaratilishi nazarda tutilgan.

Tijorat banklariga tadbirkorlik sub’ektlari uchun Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida kreditlar ajratish tavsiya etilgan.

Qarorda sobiq «Mo‘ynoq baliq konserva kombinati» va sobiq 5-qurilish boshqarmasining 20,5 ga hududida elektrotexnika, qurilish materiallari, sug‘orish uskunalari, suv nasoslari, suv hisoblagichlari, suv quvurlari, tayyor trikotaj, tikuvchilik va boshqa zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha «Mo‘ynoq» kichik sanoat zonasini barpo etish ko‘zda tutilgan.

Mo‘ynoq tumaniga investitsiya kiritishga qaror qilgan tadbirkorlar uchun respublikada muqobili bo‘lmagan o‘ziga xos soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etiladi. 2017 yil 1 apreldan 2027 yil 1 yanvargacha bo‘lgan qariyb 10 yillik muddat davomida «Mo‘ynoq» kichik sanoat zonasida yangi tashkil etiladigan va uning maydonida sanoat sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlari barcha turdagi soliqlardan, tuman hududida ro‘yxatdan o‘tgan va ushbu hududda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy belgilangan soliqdan ozod qilinishi belgilandi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar tumandagi foydalanilmayotgan davlat ob’ektlarini ish o‘rinlari ochish sharti bilan «nol» qiymatda ijaraga olishlari mumkin. Davlat mulki bo‘lgan yana 12 ta bo‘sh bino ish o‘rinlari ochish sharti bilan salohiyatli investorlarga «nol» xarid qiymatida sotiladi.

Mo‘ynoqni rivojlantirish dasturida asosiy e’tibor sayyohlik salohiyatini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlarga qaratilgan. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan:

  • tuman markazida «Moynaq City Center» savdo-turizm kopleksini tashkil qilinishi va o‘ziga xos Orol dengizi qirg‘oqlari bo‘ylab kvadratsiklda uchish, Orol dengizi unikal minerallariga to‘yingan balchiq (gryaz) bilan davolash, Orolning sertuzli davolash vannalarini qabul qilish kabi turistik xizmatlar ko‘rsatuvchi «Turizm Markazi» faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • «Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi» mavzusida har yili xalqaro ekofestival o‘tkazish;
  • «O‘lkashunoslik» muzeyini qayta rekonstruksiya qilish va shu orqali dengiz haqidagi tarixiy fotosur’atlar va videoyozuvlarni namoyish qiluvchi zamonaviy 3-D texnologiyalar bilan jihozlash;
  • qurib borayotgan Orol dengizi ramzi sifatida uning qirg‘oqida Mo‘ynoq Mayakini qurish va uning yondosh holda «dengiz to‘lqini shovqini» musiqasi foni bilan kuy tartuvchi kafe-restorani qurilishi;
  • «Orol dengizi baliqlaridan 99 turdagi taomlar» nomli Gastronomik festival o‘tkazish;
  • Qoraqalpoq xalq shoirlari Berdax va Ajiniyazga bag‘ishlangan Xalqaro musiqiy-she’riy festivallarini tashkil qilish;
  • Orol dengizining qurib qolgan hududidagi 11 ta kemani qayta tiklash va ularga qiziqish yuqori bo‘lgan turistlar keluvchi mamlakatlar nomini berish;
  • Orol dengizining qurib qolgan chegarasi belgilarini tiklash va bu joylarda dengizning eski xaritasi tushirilgan katta masshtabli bilbordlarni joylashtirish;
  • «Suvni tejash texnologiyalari», «Suvni muhofaza qilish tadbirlari», «Dengiz va daryo havzalarining bioekologiyasini saqlash va himoya qilish» va boshqa mavzularda konferensiyalar o‘tkazish;
  • Orol mavzusi va dengizni tasvirlovchi suvenirlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
  • Qoraqalpoq va Mo‘ynoq an’analari timsoli tushirilgan gilam to‘qish bo‘yicha hunarmandchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • Mo‘ynoqning to‘qimachilik mahsulotlari va suvenirlarini sotish bo‘yicha Nukus, Urganch, Xiva, Buxoro, Samarqand, Toshkent va boshqa yirik shaharlarda savdo rastalari tashkil etish;
  • Mo‘ynoq tumani va Orol dengizi turizm salohiyatini namoyish etishga doir yirik masshtabli bannerlar tayyorlash hamda Nukus, Urgench, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida bepul joylashtirish;
  • Mo‘ynoq va Orol dengizi tarixi, hududning tabiati, hayvonot olami va tuman aholisining an’analari, urf-odatlari, Berdax va Ajiniyaz kabi qoraqalpoq xalq shoirlari va allomalari haqida hujjatli va badiiy filmlar hamda roliklar yaratish, ularni milliy televideniye orqali namoyish etib borish.

Mo‘ynoq tumani va Orol dengizi hududiga turistlarni kengroq jalb qilish imkoniyatlari, hududning tabiati, hayvonot olami va tuman aholisining an’analari, urf-odatlari haqida videoroliklar tayyorlash uchun «Moya Planeta», «National Geographic», «Animal Planet», «Viasat Explore» kabi yetakchi telekanallarni taklif etish.

Turistlar oqimi kamaygan mavsumlarda respublika miqyosida oliy o‘quv yurtlari talabalari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari va yirik tashkilotlar xodimlarini tashkillashtirilgan holda Mo‘ynoq tumani hududiga sayohatlarini amalga oshirish.

Mo‘ynoq tumani hududini yanada obodonlashtirish, ko‘p qavatli uylarning tom, fasad qismlari, pod’ezd va yo‘laklarini ta’mirlash va o‘rindiqlar o‘rnatish, bolalar maydonchalari (o‘yingohlari) tashkil qilish hamda atrofini tartibga keltirish kabi tadbirlarni amalga oshirish ham mo‘ljallangan.