O‘zbekiston 2017-yilda 199 ta investitsion loyiha bo‘yicha 4,505 mlrd dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan tasdiqlangan joriy yil uchun investitsion dasturda o‘z aksini topgan.

Xususan, xorijiy kreditlar hisobiga hukumat kafolati ostida 79 ta loyiha bo‘yicha 1,854 mlrd dollar, 120 ta loyiha bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan — 2,65 mlrd dollar o‘zlashtirish belgilangan. Xorijiy investitsiyalarning eng katta qismi — 37 ta loyiha bo‘yicha 2,47 mlrd dollar — yoqilg‘i-energetika sohasida o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.

Rossiyaning “LUKOYL” kompaniyasi 2017-yilda umumiy qiymati 8 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan loyihani amalga oshirish uchun 1,217 mlrd dollarni investitsiya kiritadi. Gas Project Development Central Asia (GPD, Gazprom International sho‘'ba tuzilmasi) Ustyurt va Surxondaryo viloyatidagi gaz konlari ishlanmasi uchun qiymati 1,3 mlrd dollarga yaqin ikkita loyihani amalga oshirishga kirishadi.

Energetika sohasida xalqaro moliya institutlarining xorijiy kreditlari hisobidan 17 loyihaga 506,7 mln dollarni o‘zlashtirish rejalashtirilmoqda. Yaponiyaning Mitsubishi Corporation va Mitsubishi Hitachi Power Systems kompaniyalari umumiy qiymati 1,5 mlrd dollarga yaqinroqni tashkil etuvchi ikkita loyiha — Namangan viloyatida 900 MVt quvvatli To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektrostansiyasi (IES) hamda Navoiy IESda 450 MVt quvvatdagi bug‘-gaz uskunasi qurilishini amalga oshirishga kirishadi. Xitoyning Zhuhai Singyes Green Building Technology kompaniyasi Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyasi qurilishini boshlaydi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2016 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 11,3 foizga ortib, 3,7 mlrd dollardan oshdi. O‘tgan yili umumiy qiymati 5,2 mlrd dollar bo‘lgan 164 ta yirik investitsion loyiha yakuniga yetdi.